Logotype
Главная | Регистрация | Вход Yakshanba, 26.01.2020, 08:42


Меню сайта
Наш опрос
Кино и Сериалы
Топ Саундтреки за месяц
Статистика
Мой друзя

20:41

2020 yil: Jahon sahnasida nimalar bo‘ladi?


Joylandi: 03.01.2020 | 20:41

Chorshanba kuni boshlangan 2020 yil 3 minginchi yilning va XXI asrning 20-yilidir. Hijriy 1441–1442 yil. Xitoy taqvimi bo‘yicha 4717 yil. Buddaviylarga ko‘ra 2563 yil. Yahudiylar taqvimi bo‘yicha esa 5780-5781 yil. Qadimiy hind taqvimida 5122 yil (Kali-yuga).

Bu yilda nimalar kutilmoqda?
Bu yil jahonda ko‘plab muhim voqea-hodisalar yuz berishi kutilmoqda. Ulardan biri so‘zsiz – 3 noyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan AQSHdagi prezidentlik saylovidir. Bu saylovga ko‘plab davlatlarning taqdiri bog‘liq desak yanglishmagan bo‘lamiz. Masalan saylovlar Vashington va Pxenyan o‘rtasidagi muloqotlarga ham oydinlik kiritishi kerak. Bu galgi AQSHdagi prezidentlik saylovi Kongressning Vakillar palatasi tomonidan impichment joriy qilingan amaldagi prezidentning saylovga kirishishi bilan ajralib turadi.

Taqdiri Senatda ko‘rib chiqilishi kutilayotgan Donald Tramp navbatdagi muddatga qayta saylanish imkoniyatlarini saqlab qolmoqda. AQSH tarixidan ma’lumki, barqaror iqtisodiy ko‘rsatkichlar amaldagi prezidentning qayta saylanishiga imkoniyat yaratadi.

Ma’lumki, 2019 yilda Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish yo‘lida ma’lum qadamlar tashlandi. 2020 yilda bu mamlakatda tinchlik qaror topishi va asta-sekinlik bilan mamlakatning qayta tiklanishiga umid bor.

Hozircha terrorchilar Idlib hududlarida va mamlakat shimoliy-g‘arbida qolgan xolos. Mamlakatning qolgan hududlari tinch hayotga asta-sekin qaytmoqda: gidroelektrostansiyalar, shifoxonalar va maktablar ta’mirlanmoqda.

Ayrim Yevropa mamlakatlari ham Damashqdagi o‘z vakolatxonalarini ochishlari borasida gapira boshladilar. 2020 yilda Suriyaning “arab oilasi”ga qaytishi, ya’ni Arab davlatlari ligasi a’zoligiga qayta tiklanishi muhokama qilinmoqda.

“Katta yettilik” “Katta sakkizlik”ka aylanishi mumkinmi degan savolga bu yil javob topishimiz mumkin bo‘ladi. O‘tgan yilning avgustida Fransiyaning Biarritse shahrida bo‘lib o‘tgan “Katta yettilik” sammitida mazkur xalqaro klubga Rossiyani qaytarish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan edi. RFni bu yil AQSHda bo‘lib o‘tadigan G7 sammitiga taklif qilish g‘oyasi prezident Donald Tramp tomonidan ilgari surildi.

Uning aytishicha, Moskva ishtirokidagi “sakkizlik” formati “yettilik”ka nisbatan ancha samaraliroq bo‘lar ekan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Rossiyaning qaytishi maqsadga muvofiq ekanini ta’kidlab o‘tdi. Trampning taklifini Italiya bosh vaziri Djuzeppe Konte ham qo‘llab-quvvatladi. Ammo Germaniya va Buyuk Britaniya qarshi chiqdi.

Rossiyaning o‘zi esa bu borada aniq taklif tushgudek bo‘lsa, masalani ko‘rib chiqishga tayyorligini ta’kidladi, biroq mamlakatning bu klubga kirishi ustuvor masala emasligini eslatib qo‘ydi. Eslatib o‘tamiz, G7 sammiti 10 – 12 iyun kunlari Kemp-Devid (AQSH)da o‘tadi.

2 mart kuni so‘nggi bir yil mobaynida Isroilda uchinchi bor parlament (Knesset) saylovlari bo‘lib o‘tadi. Bundan avval ikki marta bo‘lib o‘tgan muddatdan avvalgi saylovlarda g‘oliblar aniqlanmagan edi.

Aprel oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida raqobatdagi ikkita partiya – Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukmron “Likud“ partiyasi va Beni Gans boshchiligidagi “Kaxol-Lavan“ muxolifat bloki parlamentda bir xil o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Mamlakat prezidenti Reuven Rivlin Binyamin Netanyaxuga hukumatni shakllantirishni topshirdi, ammo u hukumatni shakllantira olmagani bois may oyida Knesset o‘zini o‘zi tarqatish borasida qaror qabul qildi.

Parlamentga muddatdan avvalgi ikkinchi saylovlar o‘tgan yili 17 sentabrda o‘tkazildi. Vaziyat yana takrorlandi: har ikki partiya yana bir xil ovoz olishga muvaffaq bo‘ldi, hukumatni shakllantirish yana Netanyaxuga topshirildi, ammo bu gal ham buning uddasidan chiqa olmadi. Keyin Beni Gans ham hukumatni shakllantirishga urinib ko‘rdi. Natija bo‘lmagani bois noyabr oyi so‘nggida prezident Knesset deputatlariga kaolitsiya hukumatini shakllantirish uchun 21 kun muhlat berdi. Bu sa’y-harakat ham samarasiz yakunlandi. Natijada Knessetni tarqatish borasida qaror qabul qilindi. Endi muddatdan avvalgi saylovlar 2 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Bu yil NATOning sharq tomon kengayishi kutilmoqda. Bu yerda gap Shimoliy Makedoniyaning Shimoliy alyansga qabul qilinishi kutilayotgani haqida bormoqda. NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning bayonotiga ko‘ra, 2020 yil boshlarida Shimoliy Makedoniyaning NATOga qabul qilinishiga oid hujjatlarning ratifikatsiya jarayonlari tugashi kerak. Makedoniya 1999 yildan beri NATOga a’zolikka tayyorgarlik harakat rejasida ishtirok etib keladi.

2018 yilda Gretsiya va Makedoniya o‘rtasida yillar davomidagi bahslarga barham berildi. Ya’ni, Yugoslaviya tarkibidagi sobiq respublika o‘z nomi o‘zgartirilishiga rozi bo‘ldi. 2019 fevralida Makedoniyaning rasmiy nomi Shimoliy Makedoniya deya o‘zgartirildi, NATOga a’zo 29 ta mamlakat esa uning alyansga kirishi borasidagi protokolni imzoladi. A’zo barcha mamlakatlar protokolni ratifikatsiya qilganidan so‘ng Shimoliy Makedoniya NATOning 30-a’zosi bo‘ladi.

Alyans harbiy infratuzilmalarining sharq tomon kengayishi RF va NATO o‘rtasidagi munosabatlardagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Moskvaning fikricha, NATOning kengayishi beqarorlashtiruvchi xarakterga ega bo‘lib, Yevropa qitasidagi ishonch va barqarorlikka raxna soladi, hamda o‘zaro qarama-qarshiliklarni kuchayishiga sabab bo‘ladi.

O‘tgan yili norozilik namoyishlari qamrab olgan Lotin Amerikasida ham bu yil keng qamrovli o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Masalan, metrodagi yo‘lkira oshgani sabab noroziliklar kuzatilgan va favqulodda holat joriy qilingan Chilida aprel oyida Konstitutsiyaviy referendum bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Davlat rahbari qochib ketgan Boliviyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Venesuelada qo‘sh hokimiyatchilikka barham berilib, prezident Nikolas Maduro va muxolifat rahbari Xuan Guaydo o‘rtasida muzokaralar boshlanishiga umidlar paydo bo‘ldi.

2020 yilda quyidagi voqealar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda:
5 yanvar – Xorvatiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.
31 yanvar – Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqadi (Brexit). Nihoyat, London va Bryussel ajralish jarayonini boshladi.
9 fevral – Ozarbayjonda navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi.
1 may – 31 oktabr – Dubay (BAA)da Expo-2020 ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
12 iyun –12 iyul – Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionati o‘tkaziladi.
24 iyul – 9 avgust – Tokio (Yaponiya)da XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
25 avgust – 6 sentabr – Tokioda XVI Paralimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi.
30 avgust – Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi.
13 sentabr – Rossiyada Yagona ovoz berish kuni.
1 oktabr – 31 oktabr – Umumrossiya aholini ro‘yxatga olish.
21 noyabr – 22 noyabr – Ar-Riyod (Saudiya Arabistoni)da G20 sammiti o‘tkaziladi.

Bu yil shuningdek, Tojikistonda prezidentlik, Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Estoniya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda aholini ro‘yxatga olish rejalashtirilgan.

Bu yil Xitoy Oyga Chan’e-5 apparatini uchirmoqchi (hozircha sanasi aniq emas). Oyga ilk xususiy fazoviy kema yuborilishi rejalashtirilgan. Yevropa kosmik agentligi (YEKA) “Solar Orbiter” apparatini Quyosh tomon uchirmoqchi. Yana bir nechta avtomat stansiya Marsga uchiriladi, xususan, bular orasida Roskosmos va YEKAning “EkzoMars-2020”, NASAning “Mars-2020”, shuningdek, Xitoy, Yaponiya va BAAning loyihalari bor.

2020 yilda Hindiston SSLV raketa-tashuvchilarini birinchi marta sinovdan o‘tkazadi. AQSH Xalqaro kosmik stansiyaga astronavtlarni yuborishni rejalashtirgan.

2020 yilda “Virgin Galactic” hamda “Blue Origin” kompaniyalari sayyohlar uchun kosmik marshrutlarni ham nihoyat ishga tushirishga ahd qilishgan.

Manba: Darakchi.uz
Категория: Dunyo yangiliklari | Просмотров: 243 | Добавил: BEST_ADMIN | Теги: 2020 yil: Jahon sahnasida nimalar b | Рейтинг: 5.0/2

O'xshash yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
Поиск сайта
Категории раздела
Календарь
Архив записей
Новости сайта
Популярные песни за месяц
Вход на сайт