
“Erim tashlab ketsa-da, qaynonamdan voz kecholmadim”

“Mening haqiqatim” sahifasini muntazam o`qib borganim sabab o`z hayotimni hikoya qilib berish istagi tug`ildi, — deb maktub yo`llagan buxorolik muxlisamiz. — O`qishni tugatishim bilan ishga joylashgani ham qo`ymay dadamning tanishiga uzatishdi. Kuyov bo`lmish musiqa bilim yurtini tugatgan, dunyoqarashi keng, xushmuomala yigit bo`lib, birinchi uchrashuvdayoq ko`nglimga o`tirishdi. To`ydan oldin odamlarning «qaynonalar yomon bo`ladi, ming qilsang ham kelinni o`z farzandidek ko`rmaydi» degan vahimalarini ko`p eshitganim uchun begona uyda biroz cho`chib yurdim… Lekin qaynonam na muomalasi, na munosabati bilan yomonlik qiladiganga o`xshamasdi. Aksincha, kundan-kunga u kishini o`z onamdek yaxshi ko`rib borardim. Ayniqsa, birinchi farzandimga homilador bo`lganimda qaynonamni yanada yaqindan bilganman. Mahalladagi boshqa kelinlar inqillab kallai saharlab ko`chaga suv sepib, supurib yursa, qaynonam «og`iroyoq holingizda har kuni chelak-chelak suv ko`tarishingiz shartmas, tong-sahardan turmang, birozdan keyin qaynsinglingiz yoki o`zim supirib olaman», deb qo`ymasdi. Uydagi og`ir ishlarni o`g`liga aytib qildirar, «xotining homiladorligida yaxshi qarasang, bolalaring sog`lom bo`ladi, aksincha qilsang, ertaga umring bolalaringni do`xtirma-do`xtir olib yurish bilan o`tadi. Kun bo`yi tik oyoqda ish qilib, asablari charchagan ayolning bolasi ham injiq, yig`loqi bo`ladi», deb tushuntirardi. Turmush o`rtog`im ba`zida «Oyi, keliningizni juda erkalatib yuboryapsiz, ertaga dangasalikka o`rganib qolsa, o`zingizga malol keladi», deb kulib qo`ysa, qaynonam: «Ishing bo`lmasin, kelinimning farosati joyida», deb qo`yardi. Qo`shni kelinlarning menga rosa havasi kelardi. Ular homilador holida ham issiq oshxonada tog`ora-tog`ora pishiriq pishirish, xamir qilish, hovliyu ko`chalarni supirish, quchoq-quchoq kirlarni yuvish kabi yumushlarni bajarishardi. Bizning uyda ham bu yumushlar bajarilardi, faqat uni qaynonam, men va qaynsinglim baravariga qilardik. Bir kuni qo`shni kelinlardan biri: «Sizga maza-da, qaynonangizning burnidan ip o`tkazib olgansiz, hamma ishni o`zi qiladi. Bunga qanday erishgansiz, bizga ham o`rgating. Men u yog`im og`riyapti, bu yog`im og`riyapti, deb yolg`ondan inqillasam ham qaynonamning sira joni achimaydi. «Artistlikni qo`yib, ishingizni qiling, biz ham homilador bo`lganmiz», deydi. Lekin siz juda shum ekansiz», deb qoldi. Uyatdan erga kirib ketay dedim. Hech qanaqa shum emasman, dedim-u, qaynona-kelin munosabatimiz tashqaridan qanday ko`rinishini tasavvur etib, xijolat chekdim. Bu gaplarni ichimga sig`dirolmay qaynonamga aytdim. Ular indamay tingladilar-da, keyin: «Ko`chani gapiga e`tibor bermang, turing, kechki ovqatga unnaylik hozir dadangiz bilan eringiz ishdan keladi», deb yana ishga kirishib ketdilar. Shu tarzda ahil-inoq yashab, ketma-ket farzandlar ko`rdim. Bu orada qaynsinglimni uzatdik. Erim musiqa o`qituvchisi edi, shahar madaniyat bo`limi boshlig`i lavozimigacha ko`tarildi. Qaynonam goh koyib, goh yaxshi gapirib ro`zg`or ishlarini o`rgatdi. Barcha ishlarni o`z zimmamga olib, bolalarni birgalikda katta qildik. Maktabda boshlang`ich sinflarga dars berardim. Ishdaligimda qaynonam bolalarimga qarar, ularni o`qitish, musiqa maktabiga olib borish, mayda-chuyda ishlarni o`rgatish — barcha-barchasi qaynonam o`z zimmasiga olgandi. Ularga o`zingizni ko`p urintirmang, desak «bekordan Xudo bezor» deb qo`yardilar. Lekin hayot hammavaqt ham bir tekis kechmas ekan. Erim kundan-kunga injiq, qo`rs bo`lib borayotgani etmagandek bu yoqdan qaynsinglimning ham oilasi notinch edi. U ketma-ket uch qiz farzand ko`rgani uchun o`g`il niyatida yana homilador bo`lgandi. Lekin eri «eri yana qiz tug`adigan bo`lsang, tug`ruqxonada to`g`ri onangnikiga jo`naysan», deb tahdid qilishini qo`ymasdi. Oilasi tinch bo`lmaganga yarasha sog`ligini ham yo`qotgan qaynsinglimga shifokorlar tug`ishni taqiqlashdi. Qaynonam goh qiziga, goh o`g`liga qarab, nima qilishni bilmasdi. Har kuni bazmu jamshidlardan yarim kecha mast holda keladigan erim bir kuni menga: «Uchta bolangni olu, uyimdan yo`qol», dedi. Mastlikda nima deyayotganini bilmayapti-da, deb indamay qo`ya qoldim. Lekin u jiddiy gapirardi... Qo`l ostida ishlaydigan allaqanday xonandaga o`ralashib qolgan erim endi kunda janjal qilar, menga «xotin sifatida o`lgudek zerikarlisan, nuqul uy-joyni qirtishlaganing qirtishlagan, erni kutib olishlarni, noz-karashmalarni bilmaysan!» deb ta`na qilardi. Oilam buzilib ketishidan qo`rqib ko`rmagan choram qolmadi: erimga yaxshi gapirib ham ko`rdim, o`sha xonandaga odam jo`natib yo`lga solishga ham harakat qildim, lekin erim kundan-kunga mendan sovib borardi. Aslida o`ziga qaramay yuradigan ayollardan emasdim, ammo baribir erimga yoqmay qolgandim. Ro`zg`ordagi janjallar bilan bo`lib, qaynsinglimdan xabar olish ham yodimdan ko`tarilgandi. Uni muddatidan oldin tug`ruqxonaga olib ketishganini eshitib, qaynonam ikkalamiz o`sha yoqqa yugurdik. Ahvoli og`irlashib qolgan qaynsinglimni tezda jarrohlik stoliga yotqizishdi, lekin ko`p qon yo`qotgani sabab ahvoli juda og`ir edi. Shifokorlar jarrohlik yo`li bilan bolani olib «Qizaloq, holva» deyishdiyu, quvonishga ham ulgurmay onaning hayotini saqlab qolish uchun kirishishdi. Qiz degan so`zni eshitgan kuyov qutirib ketgandek baqirib-so`kinib daraxtlarni tepa boshladi, «qizingiz ham, qizi ham kerakmas, olib keting», deb qaynonamga udag`aylayotgan mahalda ichkaridan yomon xabar chiqdi… O`zini holsiz kursiga tashlagan qaynonam, «ketdi...» deya oldi, xolos. Bunaqa bo`lishini kutmagan kuyov nima qilishni bilmay dovdiragancha qolaverdi… Qizining hasratida sog`ligidan ham ayrilgan qaynonamning umri ukol-dori bilan o`tardi. Qaynsinglimning chaqalog`iga qarab qiynalayotganimni ko`rgan qaynonam biroz o`zini qo`lga oldi, qizining uch qizini ham olib keldi. Qudasiga: «Siznikida qizim ro`shnolik ko`rmagandi, qizlari ko`rarmidi. O`lmasam o`zim qarayman, o`lsam kelinimga topshirib ketaman», debdi jahl bilan. Qudasi ham qo`ying, olib ketmang demadi. Shunday qilib endi ettita bola bo`lgandik. Singlisining o`limdan keyin biroz aqlini yiqqandek bo`lgan erim, ko`p o`tmay yana eski hunarini boshladi. Endi yangi bahona topgandi: «Bu uy emas, bozor» deb to`ng`illab chiqib ketardi. Aslida bular shunchaki bahona bo`lib, erim o`sha xonandaga allaqachon uylanib olgandi. Bir kuni ishga ketgani bo`yicha qaytib kelmadi… Biz bir uy odam xavotir olib yarim kechasi barcha tanish-bilishlarga qo`ng`iroq qilib, qidirsak, u esa jazmanining uyida tug`ilgan kunini nishonlayotgan ekan… Erimni o`sha xonandaga boy berdim. Uyga qaytarish uchun ko`p harakat qildim. Hozir ular haqida gapirgim, o`zimni erga urganlarimni, haqoratlarga, mazaxlarga chidaganlarimni esga olgim kelmayapti… Xullas, erim baribir ketdi. Shundan keyin qaynonam bilan qaynotam o`zgarib qolishdi. Ular ko`zimga qarayolmay mung`ayib o`tirishar, qaynsinglimning qizlari menga ortiqchalk qilmayaptimikan, deb xavotirlanishayotganini sezardim. Erimning nomardligidan yig`lab ado bo`lmasligimga ishim yordam berdi. Endi butun oilaning tashvishi bir o`zimning zimmamda edi. Bir kuni qaynonam: «Kelin, bizga va qizimning bolalariga qarash majburiyatini olmagansiz, istasangiz ota-onangiznikiga ketishingiz yoki alohida yashashingiz mumkin. Bu nodon bola sizning qadringizni bilmadi, qo`shnilar o`g`li tashlab ketganiga bir yildan oshgan bo`lsa-da, kelinining baxtini bog`lab, xizmatkorlikka olib o`tiribdi deyishyapti…» — dedi yig`lamsirab. Mening ham ko`nglim buzildi keyin ozib-tuzib bir burda bo`lib qolgan qaynonamni bag`rimga bosdim. «Ko`chaning gapiga e`tibor bermang, oyijon. Yuring, ovqatga unnaylik hozir bolalar maktabdan, bog`chadan kelishadi…» — dedim. Shunday qilib, qaynonamnikida umrbod qoldim. Bolalarimni oyoqqa qo`yishga yordam bergan, og`ir kunimda suyanchiq bo`lgan odamni yordamim kerak bo`lganda tashlab ketarmidim. Unda qaynonamning: «Farosatli kelin tanlaganman», deb maqtanishlari qaerga ketadi… Erim bizni tashlab ketganiga besh yil bo`ldi, og`ir kunlarimiz ham ortda qoldi. Qaynonam ikkalamiz etti bolani oyoqqa qo`yib, katta qildik. Yaqinda birinchi qizimni uzatyapmiz. Qaynonam: «Dadasini ham to`yga chaqiraylik», deyaptilar. Orqavorotdan eshitib yuribman, erim qilgan ishidan qattiq pushaymon emishu, ammo qaytib kelishga yuzi chidamayotgan ekan. Balki qizining to`yi bahona kelar… Xullas, men shunday yashadim. Kimdir eri bo`lmasa-da, umrini qaynona-qaynotasiga bag`ishlagan ahmoq, dedi yana boshqa birov to`g`ri qilibsan, mehnatingning samarasini bolalaringdan topasan, dedi… Keyin nima bo`lishini esa faqat Xudo biladi, asosiysi, ko`nglimga qarshi ish qilmadim, sizlarga etkazmoqchi bo`lgan haqiqatim shu edi… Dilfuza SOBIROVA qog`ozga tushirdi






“Erim tashlab ketsa-da, qaynonamdan voz kecholmadim” haqida ma'lumot, “Erim tashlab ketsa-da, qaynonamdan voz kecholmadim” Android kitoblar, “Erim tashlab ketsa-da, qaynonamdan voz kecholmadim” haqida aforizmlar, Qaynoq yangiliklar, xabarlar,sherlar, statuslar, aforizmlar, ota ona haqida, sevgi haqida, ayriliq haqida, ajoyib hikoyalar, real voqealar,ta'sirli hikoyalar, android o'yinlar, apk kitoblar eng qiziqarli va foydali o'yinlar psixologik testlar o'ynash, va skachat qilish ko'chirish uchun bizning saytga tashrif buyuring
Другие материалы по теме:
|
|