Logotype
Главная | Регистрация | Вход Shanba, 06.06.2020, 22:36


Меню сайта
Наш опрос
Кино и Сериалы
Топ Саундтреки за месяц
Статистика
Мой друзя

10:31

Pandemiyadan keyingi dunyo: U qanday bo‘ladi?


Joylandi: 09.04.2020 | 10:31

O‘tgan hafta Xitoydagi metro bekatlaridan biriga: «Endi hayot avvalgidek bo‘lmaydi. Avvalgi hayot xato edi», degan yozuvni chizib ketishdi. Chindan ham, koronavirus pandemiyasidan keyin bizni qanday o‘zgarishlar kutmoqda? Bu savolga javob berish uchun ayrim achchiq haqiqatlarni tan olishga to‘g‘ri keladi.
Pandemiya qachon tugashini hozircha hech kim bilmaydi, ammo u bir kuni tugaydi. Virusga qarshi qilingan ayrim o‘zgarishlar yana o‘z holiga qaytishi mumkin. Lekin hammasi ham emas. Koronavirus sayyoramiz bo‘ylab shunchalik ko‘p odamning hayotiga jiddiy ta'sir qildiki, bu galgi vabo yaqin tarixda insoniyatning turmush tarzini tubdan o‘zgartiruvchi burilish nuqta bo‘lishi kutilmoqda.

Ekspertlarning fikricha, o‘tgan asrda insoniyat taqdirini urushlar o‘zgartirgan bo‘lsa, hozirgi va bundan keyingi asrdagi o‘zgarishlar iqlim o‘zgarishlari, pandemiyalar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Yer sayyorasida qancha virus bor?

Viruslar tarixi ham insoniyatniki kabi qadimiydir. Viruslarning kelib chiqishi ham bakteriyalar kabi qadimgi hujayrali hayot shakllariga borib taqaladi. Ammo, sut emizuvchilar misolida aytish mumkinki, bakteriyalar qanchalik takomillashib borgan bo‘lsa, yillar davomida viruslar shu qadar ixchamlashib, soddalashgan.

Amerikalik taniqli epidemiolog Stefen Morzga ko‘ra, modomiki Yerda 50 000 turdagi umurtqali jonzot va ularning har birida ~20 turdagi virus mavjudligi hisobga olinsa, sayyoramizdagi sutemizuvchilar, jumladan inson turmush tarziga ham 320 000ta virus muntazam ta'sir o‘tkazib keladi.

Viruslar qanchalik zararli?

Bugungi kunda viruslar juda kichik va sodda, hatto mustaqil ko‘payish ko‘nikmasiga ham ega emas. Viruslar ularga jon saqlashlariga yordam beradigan mezbon hujayraning genetik ma'lumotini tashiydilar xolos. Shu hujayrada ular o‘zlarining yangi nusxalarini ko‘paytiradilar. Shu vaqtgacha biologlar ularni hayot shakli deb ham tasniflashmagan.

Ammo so‘nggi o‘n yillikda bizning viruslarga nisbatan qarashlarimiz o‘zgara boshladi. Fransiyalik virusologlar tadqiqotlarida bakteriyaga o‘xshagan, ammo genetik jihatdan ulardan farqli ulkan virusni aniqlashdi. Mimivirus, ya'ni taqlid qiluvchi virus nafaqat yirikligi, balki genlarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Ya'ni, ular biz o‘ylagandan ko‘ra mukammalroq.

Chikago universiteti mikrobiologi Jyeyms Shapiroga ko‘ra, viruslarni zararkunanda yoki halokat qo‘zg‘atuvchi deb o‘ylash – xato. Viruslarsiz Yerdagi hayot tamoman boshqacha, hozirgidan farqli bo‘lishi mumkin edi.

Misol uchun, tadqiqotlarga ko‘ra, 100 million yil avval ibtidoiy sutemizuvchilarda kuzatilgan infeksiya davrida umurtqali jonzotlar yuqtirib olgan yangi gen homila va yo‘ldosh rivojlanishiga sababchi bo‘lgan. Hujayralarni birlashtiruvchi bu oqsil viruslari homilaga onadan ozuqa moddalarini olish imkonini bergan.

Tabiatga munosabatimiz o‘zgarsa, omon qolamiz

Biologlarning fikricha, so‘nggi yillarda sodir bo‘lgan pandemiyalarning qo‘zg‘atuvchisi sifatida ikki muhim sababni keltirish mumkin:

1) Sinashda bo‘lmagan yovvoyi hayvon-jonzotlarni iste'mol qilish (SARS-CoV-2 Uhandagi yovvoyi hayvonlar bozoridan tarqalgani aytilmoqda);

2) O‘rmonsizlashtirish.

Har ikkala holat ham insonning tabiatga tajovuzi tufayli yuzaga kelgan.

Bizni qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

Salom-alik va fe'l-atvor

Kasallikni yuqtirishdan qo‘rqib yashash inson ruhiyatiga salbiy ta'sir o‘tkazib, uni odamovi qilib qo‘yishi mumkin. Bunday vaziyatda axloqiy va ijtimoiy qoidalarning ahamiyati kamayib, odamlar o‘zlari bilmagan odamlar bilan muloqotdan qochadilar. Hatto sizga yaxshi tanish inson ham siz bilan muloqotda g‘alati, noodatiy xatti-harakatlar qila boshlaydi.

Hozirdanoq kasallanishdan xavfsirab, bir-biriga shubha nazari bilan qarayotganlar soni oshib bormoqda.

Zamonaviy tibbiyot tug‘ilguniga qadar yuqumli kasalliklar insoniyatning omon qolishida katta tahdid bo‘lgan. Ularga qarshi kurash evaziga ming yillar mobaynida insonda ajoyib mexanizmlar rivojlangan. Shulardan biri – immunitet. Ammo immunitet mustahkamligini ta'minlashga doim ham imkon bo‘lmagan. Natijada, fe'l-atvorda ongsiz psixologik himoya tizimi shakllangan, ya'ni «xatti-harakat immuniteti» tizimi.

Bu tizim sabab nopok yoki jirkanch narsani, chirigan mahsulotni ko‘rsak, beixtiyor orqaga tisarilamiz, burnimizni bekitamiz, tanamiz achigan mahsulotni qabul qilmaydi, qayt qilib tashlaydi. Aynan «xatti-harakat immuniteti» tizimi biz uchun kasallikdan birinchi himoya chizig‘idir.

COVID-19 bizga toza ko‘ringan har qanday yuza xatarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bizdagi «xatti-harakat immuniteti»da har yoqqa qo‘l tekkizishdan imkon qadar qochish ko‘nikmasi shakllanmoqda.

Biz hattoki jigarimizdek yaqin bo‘lib qolgan pulni ushlashga qo‘rqyapmiz.

Bundan tashqari, ijtimoiy mavjudot sifatida katta guruhlarda yashash yoki ishlashga o‘rganib qolganmiz. Bugungi vaziyat sababli «xatti-harakat immuniteti» odamlar bilan munosabatimizni kamaytirishni, yangicha ijtimoiy intizomga ko‘nikishni talab qilmoqda.

Bu holat ijtimoiy munosabatlarga, xususan muloqotga ta'sir qiladi. Kamroq va qisqaroq suhbatlarga odatlanamiz. Pandemiya chog‘ida amal qilingan «ijtimoiy masofa» va izolyatsiya ta'sirida odamlar o‘zlarining «qulay hudud»larini kengaytiradilar. Ya'ni suhbat jarayonida suhbatdosh bilan masofani uzoqroq saqlaydilar.

Bugun bunday xulq qo‘pol bo‘lib tuyulishi mumkin. Biroq ijtimoiy munosabat masalasida fe'l-atvordagi immunitet mantiqdan ko‘ra xavfsizroq ishlaydi.

Sharq azaldan naqadar donoligini isbotlashdan charchamayapti. O‘zbekona usulda qo‘lini ko‘ksiga qo‘yishning ahamiyatini anglab yetdik. Pandemiya davomida bu an'analar qaytdi. Ehtimol yaqin orada sanitariya qoidasi sifatida rasman odob-axloq normalari safiga qo‘shilsa, ajab emas.

Shunday ekan, doim qo‘l olib ko‘rishadigan tanishingiz endi qo‘l cho‘zish o‘rniga, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ko‘rishsa, ranjimang, uni to‘g‘ri tushuning – uning tanasi omon qolishga harakat qilyapti.

Ijtimoiy yig‘inlar, yirik tadbirlar

Bu borada, ayniqsa, yurtimizda katta o‘zgarish bo‘lishini hozirdan taxmin qilish mumkin. So‘nggi yillarda minglab odamlarni to‘plagan dabdabali tadbirlar, jumladan to‘y va yig‘inlarga odatlandik. Ustiga-ustak bir-birini mehr bilan bag‘riga bosishga odatlangan, yuz bosib va o‘pishib ko‘rishadigan jigarjon xalqmiz. Natijada pandemiya xavfi yanada oshadi.

Ko‘pchiligimizning ko‘zimiz ochilsa, yig‘in va to‘ylarni ixchamroq o‘tkazishga odatlanamiz.

Inson omili

Bugun uyda qamalib olgan odamning xayolidan o‘tayotgan afsuslardan biri shunday: «Nega smartfonda soatlab vaqt o‘tkazdim-u, lekin farzandim onlayn usulda ham ta'lim olishi mumkinligini oldinroq o‘ylamadim?» Yoki: «Nega onlayn xarid qilishni avvalroq o‘rganmadim?»

Texnologiyalarning rivoji jamiyatni tobora bilimning ixtiyoriga topshirmoqda. Bunday jamiyatda muayyan ko‘nikmalarga ega insonlar muvaffaqiyat qozonadilar, yaxshi yashaydilar. Baxtga qarshi ularning deyarli hammasi kognitiv, ya'ni bilim va bilishga oid. Shulardan biri – axborot texnologiyalari savodxonligi.

Pandemiya aholining elektron vosita va ilovalardan foydalanishga oid ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Biz endi yana ham virtuallashamiz. Buning orqasidan esa inson omili rivojlanadi.

Ta'lim

YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, 2020 yilning 8 aprel holatida COVID-19 tufayli jahon miqyosida 188 mamlakatda 1,7 milliard o‘quvchi maktabga bora olmayapti. Koronavirus barcha turdagi ta'lim oluvchilarning 99,4 foiziga u yoki bu ko‘rinishda zarar yetkazgan. Kecha maktab partasida, bugun esa elektron devayslar qarshisida o‘qituvchisini tinglayotgan o‘quvchining o‘zlashtirish darajasi avvaliga tushib ketishi tayin. Biroq inson – moslashuvchan mavjudot.

Yuqoridagi raqamlar nimani fosh qildi? An'anaviy o‘qitish usullari ishonchli emas, ta'limga yangicha yondashuvga asoslangan virtual platformalar kerak!

Ta'lim sohasida onlayn xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun 6,16 mln o‘quvchiga ega O‘zbekiston – yirik ta'lim bozori.

Puldor investor va tadbirkorlar kelajakni ko‘ra olsalar, ta'lim ular pul tikadigan navbatdagi soha bo‘ladi. Yaqin orada «raqamli darslik», «virtual sumka», «onlayn maktab», «raqamli diplom», «raqamli o‘qituvchi» kabi atamalardan keng foydalana boshlaymiz.

Ta'lim to‘xtab qolishining ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlari inson omili bilan bog‘liq. Shuni hisobga olib, hukumatlar masofaviy ta'lim dasturlari, ochiq ta'limiy ilovalar va platformalar uchun yirik miqdorda pullar ajratishadi. Bu orqali istiqbolda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ta'lim uzilishlarining oldi sug‘urtalanadi.

Darvoqe, agar siz biror sohada yetakchi bo‘lsangiz, hoziroq videobloglar oching, odamlarga ta'lim berishni boshlang. Bu hozirdanoq yaxshi biznesga aylangan.

Biznes

Pandemiyadan keyin bilimga asoslangan sohalar gullab-yashnaydi. Chunki bu sohadagi ko‘plab ish beruvchilar faoliyati onlayn-ofisga ko‘chiradilar. Ya'ni masofadan ishlash rivojlanadi. Uyimizga qayta tartib berishga to‘g‘ri keladi. Axir ishxonani qayerga joylashtirishni yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak.

Ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasi bundan katta manfaatdor. Xususan, virtual konferensiya xizmatlarining davri kelmoqda.

Shu o‘rinda, umumiy ovqatlanish sohasi va yirik savdo majmualari uchun sinov davri boshlanishi mumkin. Odamlar endi bunday joylarga borishdan tiyiladilar. Buning o‘rniga savdo-sotiqda va ovqatlanishda «yetkazib berish» sohasi taraqqiy etadi.

Ko‘ngilochar xizmatlar sohasida odamlar tobora virtual o‘yin va dam olish usullarini ma'qul ko‘radilar.

Turizm va globallashuv

Dunyo mamlakatlari bir-biri uchun yopiladimi yoki ochiladimi, buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin biz shu vaqtga qadar «ichkariga kirib ketdi» degan so‘zni kimningdir qamalganiga ishora sifatida ishlatgan bo‘lsak, endi biz uchun ham ichkari – o‘z uyimiz xavfsiz makon bo‘ladi.

Endi choyxonaga yoki tog‘ga chiqishdan avval bir fursat o‘ylab ko‘ramiz, Parij yoki Antaliyaga borishga shoshmaymiz.

Xalqaro miqyosda sayyohlarning oqimi bir muddat kamayadi. Bir oz o‘tib uyidan zerikkanlar «safar dar vatan» o‘gitiga amal qilib, asta-sekin o‘z makonlari bo‘ylab sayohatga odatlanadilar. Buning evaziga mahalliy sayyohlar oqimi oshadi. Mahalliy turizmni rivojlantirish uchun ayni muddao.

Bo‘m-bo‘sh shaharlar

2018 yilda Shveytsariyada o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida ham yaqin kelajakda masofadan ishlash ommalashishi aytilgan edi. Pandemiya bu muddatni yanada yaqinroqqa olib keldi. Endi ofisda ko‘rinib ketish yoki kun o‘tsin uchun emas, natija uchun ishlash rejimiga o‘tamiz.

Agar ish beruvchilar onlayn ishlash rejimiga ommaviy o‘tadigan bo‘lsa, yirik shaharlardagi yo‘lovchilar oqimi pasayadi.

Katta shaharlarda yo‘qotishlar ham katta bo‘lishini ko‘ryapmiz. Modomiki ish joyi qayerda yashashda muhim omil bo‘lmasa, bunday odamlarning oilasi bilan birga shahardan tashqariga shoshilishi kuzatiladi. Shahar atrofidagi hududlar rivojlanadi.

Shaxsiy transportlar harakatlanishining kamayishi shaharlarning ekologik holati uchun ayni muddao bo‘ladi. Ammo boshqacha ham bo‘lishi mumkin…

Iqtisod va siyosat

The New York Times nashrining yozishicha, pandemiya ortga chekinganidan so‘ng, uning oqibatida zararlangan iqtisodiyotni qayta oyoqqa qo‘yish uchun sanoat va sohalar ikki barobar ko‘proq quvvatda ishlashga kirishib ketadi. Natijada nima bo‘ladi? Uglerod gazlarining havoga chiqarilishi orqasidan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq inqiroz o‘n yilga tezlashib ketadi.

Pandemiyaning eng katta qurboni – iqtisodiyot. SOVID-19 nafaqat muayyan bir davlatlar, balki dunyo iqtisodiyoti qanchalar zaif ekanini isbot qildi. Xalqaro savdo barqarorligini ta'minlashda yetkazib berish zanjiridagi yondashuvni o‘zgartirish kerakligi ayon bo‘ldi.

Shuningdek, pandemiya hukumat va aholi o‘rtasidagi aloqalarni va hukumatning boshqaruv qobiliyatini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Bu jarayonda aholining himoyasiz qatlamini himoyalash har qanday hukumat uchun to‘g‘ri qarordir. Hammasi joyiga tushganidan keyin aholi ulkan yo‘qotishlar uchun so‘rov talab qilishi yoki jipslashib keyingi halokatlarning oldini olishi mumkin.

Jamiyatshunoslarning fikricha, kuchsiz davlatlarda virus munosabati bilan tatbiq qilingan tartib-intizom jamiyatdagi avtoritarizm va anarxiya kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Dunyoni boshqacha ko‘ra boshlaymiz

Virus balosi odamlarni hamjihat qilishi mumkin. Endi individuallik emas, jamoaviylik. Ya'ni muammoga qarshi birgalikda kurashamiz.

Sotsiologlarning fikricha, bir-biri bilan boylik to‘plashda poyga o‘ynayotgan odamlar bir muddat to‘xtashadi, muammoning umumiyligi, ularning taqdiri oddiy xalqniki bilan chambarchas ekanini anglaydilar.

Hayotning naqadar omonatligini tushundik. Shu bilan birga, o‘tkinchi mol-davlatga hirs qo‘yish hissi susayadi. Odamlarda bir-birlariga xayrixohlik oshadi. Demak, faol fuqarolik pozitsiyasi oshishi kutilmoqda.

Telemeditsina va media

Koronavirus insoniyat tarixidagi eng yaxshi tanilgan virus bo‘ldi. Uning ommaviy tarqalishi media gullab-yashnagan bir davrga to‘g‘ri keldi. Uning tarqalishidan eng katta foyda ko‘rgan soha tabiiyki, bu – ommaviy axborot vositalaridir.

Natijada, keyingi pandemiyaning sodir bo‘lishidan odamlar hayratga tushmaydigan davrda (yaqin kelajakda) yashamasak kerak. Sanitariya va gigiyena qoidalarining ahamiyati va albatta salomatlikka e'tibor o‘zgaradi. Buning evaziga telemeditsina platformalarining rivoji jadallashib ketadi. Keyin esa uyda o‘tirib shifokor huzuriga tashrif buyuramiz.

Darvoqe, pandemiya orqasidan obro‘-nufuz topish yoki shov-shuv hamda vahima ko‘tarish maqsadida ishlagan media vositalari ham bo‘ldi. Natijada, auditoriya bir muddat axborot oqimida ixtiyorsiz ravishda suzdi. Ko‘p o‘tmasdan rasmiy axborot manbalarining paydo bo‘lishi axborot xavfsizligini ta'minladi.

Barchamiz pazandaga va uyning odamiga aylanamiz

Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatayotgan bo‘lsangiz, shu kunlarda pishir-tushirni ayollar ham, erkaklar ham bir xil odatga aylantirishgan. Buni tomoshabinlari soni birdaniga bir necha barobarga ko‘tarilib ketgan pazandalik videobloglaridan ham bilish mumkin.

Pandemiyadan keyin odamlar uylarida tez-tez ovqat tayyorlashadi.

Choyxonadan beri kelmaydigan erkaklar ham endi oilalari uchun ko‘proq vaqt ajratadilar, uyda mazali taomlar pishirishga odatlansalar ajab emas.

***

Hayot qachon o‘z iziga tushadi?

Qachon odamlar yana avvalgidek xotirjam va qo‘rquvsiz yashay boshlaydilar?

Qachon biz yana virus xavfidan xoli, maza qilib suhbat quramiz?

Bu savollarga javob hammani qiziqtiradi. Ekspertlar may-iyun oylarida vaziyat yumshashini, lekin jahondagi tang vaziyat 2021 yilda barham topishini aytishmoqda. Ungacha esa ko‘p narsa o‘zgaradi.

Xitoy metro bekatlaridan birida yozilgan o‘sha gap haqiqat – endi biz kechagidek yasholmaymiz. Natija esa bugungi qarorlarimizga bog‘liq.

Shuhrat Sattorov,

Xalq ta'limi vazirligi qoshidagi Respublika ta'lim
markazi direktori o‘rinbosari, jurnalist.

Manba: KUN.UZ
Категория: Dunyo yangiliklari | Просмотров: 609 | Добавил: BEST_ADMIN | Теги: Pandemiyadan keyingi dunyo: U qanda | Рейтинг: 5.0/2

O'xshash yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
Поиск сайта
Категории раздела
Календарь
Архив записей
Новости сайта
Популярные песни за месяц
Вход на сайт