Logotype
Главная | Регистрация | Вход Yakshanba, 26.01.2020, 07:13


Меню сайта
Наш опрос
Кино и Сериалы
Топ Саундтреки за месяц
Статистика
Мой друзя

20:32

Shamollash va allergiyaning farqi nimada?


Joylandi: 03.01.2020 | 20:32

Xazonrezgi mavsumning boshlanishi, havo harorati sovib borishi bilan ayrim kasalliklar yuzaga chiqa boshlaydi. Bular orasida ayniqsa allergiya kasalligi ko‘pchilikni bezovta qiladi. Shamollash va allergiya belgilari o‘xshash bo‘lgani bemorlarni chalg‘itadi. Dorilarni noto‘g‘ri qo‘llash kasallikning kuchayishiga sabab bo‘ladi.
Mavsumiy allergiyaning belgilari va uni davolashga doir ko‘pchilikni qiziqtirgan savollar bilan Respublika allergiya markazi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, allergolog Fotima IRSALIYEVAga murojaat qildik.

– Bahorgi va kuzgi allergiyaning farqi nimada?
– Mavsumiy allergiyani nazarda tutayotgan bo‘lsangiz, klinik kechishi ikki faslda ham deyarli bir xil. Aynan ajralib turadigan farqi yo‘q.
Faqat qo‘zg‘atuvchilarida farq bor. Kuzgi allergiya avgustning boshlaridan to noyabrning oxiriga qadar davom etadigan jarayon. Bahorgi va kuzgi allergiyada ham daraxtlar, o‘simliklar va hayvonlarning ta’siri bor.

Allergiyasi bor odamlar uyidagi ozodalikka e’tibor berishi, uyini turli hasharotlar va hatto ularning qoldiqlaridan asrashi kerak. Agar eshitgan bo‘lsangiz, ko‘pchilikda toza havoda yurganda emas, aynan uyga kirganida allergiya qo‘zg‘aydi. Uy hayvonlarining tullash vaqti ham kuzga to‘g‘ri keladi. Bu ham allergiyaning qo‘zg‘alishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Aynan kuzda avj oladigan virusli kasalliklar ham allergiya uchun zamin bo‘la oladi.

Eng yomoni yoqilgan xazon… Ayni kuz vaqtida allergolog huzuriga shikoyat bilan keladigan bemorlarning ko‘pchiligi, hovlisida yoki ko‘p qavatli uylarning arofida yoqib yuborilgan xazon hididan boshlangani haqida aytishadi. Shunday ekan, xazonlarni yoqmasdan uni yerga ko‘msak, eng avvalo, inson salomatligiga zarar yetmaydi, daraxtlarga esa o‘g‘it bo‘ladi.

– Allergiyasi bor bemorlar mavsumda qanday choralar ko‘rishi kerak?
– Allergiyasi bor bemorlar iloji boricha allergenlardan uzoq yurishi, parhez qilishi, dorilarini vaqtida ichishi, shifokor tavsiyasisiz dorilar qabul qilmasligi, har qanday dorini albatta “proba”, ya’ni sinama bilan qabul qilishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, tanasini asta-sekinlik bilan chiniqtirib borishi, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi kerak.

– Allergiya va shamollashning belgilari o‘xshab ketadi. Ko‘pchilik allergiya bo‘lib, shamollashga qarshi dori ichadi. Bu qaytaga organizmga ziyon keltiradi. Allergiya va shamollashning farqini qanday bilsa bo‘ladi?
– Organizmda allergiya jarayoni boshlangan odamda quyidagi belgilar kuzatiladi.
● Burun bitishi (burundan tomchilab suv kelishi);
● ko‘zlarning qizarishi;
● kuchli yoki kuchsiz yo‘tal, tomoqning qurishi;
● quloqlarning qichishishi, achishishi.

Allergiyaning boshqa kasalliklardan ajratish mumkin bo‘lgan eng katta farqi shundaki, yuqoridagi alomatlar shamollash yoki grippning alomatlariga o‘xshab ketsa-da, ulardan farqli ravishda allergiya boshlangan kishining tana harorati ko‘tarilmaydi.
Agar yuqoridagi holat 3-4 kun davom etib, tana harorati ko‘tarilsa, bu tanada allergik jarayonga infeksiyaning qo‘shilganidan dalolat beradi.

– Vaqtida shifokorga ko‘rinmasa, qanday oqibatlar kelib chiqadi?
– Oqibatlarni jiddiy qabul qilish kerak. Oddiy toshmadan tortib bronxospazm, kvinki shishi, anafilaktik shok, undan ham og‘irroq Layello va Stivano-Jonson sindromlarigacha asoratlar berishi mumkin. Oxirgi ikki holatda o‘lim ko‘rsatgichi yuqori.

– Bolalarda shunday allergiyalar kelib chiqmasligi uchun nimalarga amal qilib borish lozim?
– Allergenga individual sezuvchanlikni 100 foiz boshqarish imkonsiz. Ammo buni ona homiladorlik davridan boshlashi mumkin. Homiladorlik vaqtida ona giperallergen mahsulotlarni me’yoridan ortiq yemasligi ancha foyda beradi.

– Allergiyaning irsiyatga bog‘liqligi rostmi?
– Ha, rost. Juda ko‘pchilik allergiyasi bor bemorlar so‘rab surishtirilganda ota-onalarida yoki qarindoshlarida ham allergiya bo‘lganligi ko‘p bora aniqlangan.

– Hozir bolalar tomog‘ida allergiya ko‘payib ketdi. Buning oldini olish va davolashga oid maslahatlar bersangiz.
– Tomoqdagi allergiyalar, ya’ni respirator allergozlar ko‘payishiga asosiy sabablardan biri – ota-onalarning farzandiga o‘zboshimchalik bilan dorilar berishi. Bundan tashqari, polipragmaziya, ya’ni ko‘plab dorilarni bir vaqtda qabul qilish, antibiotiklarni betartib qo‘llash allergik kasalliklarning rivojlanishini ko‘paytirib yubormoqda. Yosh bolalar barvaqt sun’iy ovqatga o‘tkizilmoqda.

Kamida 1 yoshgacha bolani faqat ona suti bilan oziqlantirish kerak. Sigir suti bilan oziqlantirish, sun’iy ovqatlarni erta berish, dorilarni betartib qo‘llash kabi holatlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasak, allergik kasalliklarni oldini olgan bo‘lamiz. Zero, kasallikni davolagandan ko‘ra, oldini olgan ming chandon yaxshi. Davolashga kelsak, faqatgina allergolog shifokorlar ko‘rigini tavsiya etaman.

– Allergiya bo‘lgan odamlar doimo parhezda yurishlari kerakmi yoki faqat allergiya mavsumidami?
– Doimiy parhez bemorni biroz qiynab qo‘yadi. Sababi, inson o‘ziga kerakli minerallar, vitaminlar, oqsil, uglevod va yog‘larni oziq-ovqatlar orqali qabul qiladi. Baxtga qarshi, ko‘pgina allergen moddalar tarkibida bizga kerakli moddalar mujassam. Doimiy parhezni bemorlar ko‘tara olishmaydi.
Shuning uchun parhezni qat’iy ravishda mavsum vaqtida qilish kerak.

– Bu yil markazingizga allergiya bilan murojaat qiluvchilar qancha? Avvalgi yillardan kammi yoki ko‘pmi?
– Aniq sonini ayta olmayman. Lekin allergik kasalliklar yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Ming afsuski, global iqlim o‘zgarishlari, havoning ifloslanishi, sanoatning rivojlanishiga hamohang tarzda allergik kasalliklar ham shiddatli ko‘payib bormoqda.

– Demak asosan iqlim o‘zgarishi allergiyaga sabab bo‘lyapti. Shundaymi?
– Allergik kasalliklar butun dunyo bo‘ylab shiddat bilan ko‘paymoqda. Yer yuzi aholisining 10 foizi ushbu darddan aziyat chekmoqda. Allergik kasalliklar o‘sma kasalligiga nisbatan 30 marta, revmatizmga nisbatan 2000 marta ko‘p tarqalgan. Nafas yo‘llarining allergik kasalliklari tarqalishiga iqlimning o‘ziga xos xususiyati va geografik sharoitlar ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga allergik kasalliklarning dunyo bo‘yicha tarqalishida tashqi xavfli omillar ham imkon yaratadi.

Ularga quyidagilarni kiritish mumkin: chekish, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish (ular o‘pkada surfaktant ishlab chiqarish va alfa-Ι antitripsin sintezini buzadi), ekstremal iqlim sharoitida bo‘lish (shu bilan bog‘liq holda suvtuz almashinuvi, ichki sekretsiya bezlari ish faoliyatining buzilishi); uy sharoitida hamda ishlab chiqarishda zaharli moddalar bilan yaqin munosabatda bo‘lish (ularning organizmga tushishi sezuvchanlikning ortishiga va to‘qimalarni buzilishiga olib keladi).

Shuningdek, stresslar, vaqtinchalik immunitet yetishmaslik (bu qondagi kortikosteroidlar miqdorining pasayishiga olib keladi), ovqatda C, A, PP guruh vitaminlarning yetarli miqdorda bo‘lmasligi, dorilarni ko‘p iste’mol qilish (polipragmaziya), aholi yashaydigan hududlarda atmosfera havosining ifloslanishi (havodagi qurum aerozollari, oltingugurt angidridlari, uglerod oksidlari, changlar) va boshqalar.

Zilola XUDOYBYERDIYEVA
suhbatlashdi.
Категория: Salomatlik sirlari | Просмотров: 244 | Добавил: BEST_ADMIN | Теги: Shamollash va allergiyaning farqi n | Рейтинг: 5.0/2

O'xshash yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
Поиск сайта
Категории раздела
Календарь
Архив записей
Новости сайта
Популярные песни за месяц
Вход на сайт