Logotype
Главная | Регистрация | Вход Payshanba, 02.02.2023, 20:45


Меню сайта
Наш опрос
Кино и Сериалы
Топ Саундтреки за месяц
Статистика
Мой друзя

21:56

«Shunday kunda mening hatto internetda bo‘lsa-da, yigitim yo‘qligi alam qiladi…»


Joylandi: 14.02.2017 | 21:56

Uyimdan bekatgacha ancha piyoda yurishim kerak. Yo‘l yuzidagi maktab o‘quvchilari to‘p-to‘p bo‘lib o‘tib borishardi. Kutilmaganda ularning suhbatlari qulog‘imga chalindi:



– Bugun darsdan so‘ng kinoga tushamizmi? Bayram bayramdek o‘tsin-da, axir!



– Ha, to‘g‘ri aytasan, shunday qilaylik!



– Kim nima sovg‘a oldi o‘zi? Mana, menikini qaranglar, yurak rasmi aks etgan esdalik sovg‘a oldim, yoqarmikin-a?



– Qani, bir ko‘ray-chi, o‘h-ho‘, zo‘ridan olibsan-ku.



– Men ham ko‘rgandim shunaqasini. Lekin pulim yetmagandi. Shuncha pulni qaerdan olding.



– E, so‘rama, uydagilar ovqatlanishim uchun bergan puldan tejab anchadan beri yig‘ib yurardim…



Beixtiyor soatimga qaradim, bugun qanday sana o‘zi? Biz, ijodkorlar bugungi sana bilan bog‘liq yana qanday muhim voqeani unutayozibmiz, deya o‘yladim. Bekatga yetib ulgurmasimdan avtobus ko‘rindi, shoshgancha unga “ilinib” oldim. Bir-ikki bekatdan keyin bir to‘p qizlar “gurr” etib chiqishdi. Ko‘rinishidan kollejda tahsil oladigan o‘quvchilarga o‘xshaydi.



– Qara, mana bu saytda “Valentin kuni” munosabati bilan sevishganlar uchun atalgan eng yaxshi animatsiyali otkritkalarni bepul saqlab olish mumkin ekan…



– Ha, ko‘rdim, menga ham xabar keldi…



Qizlar ko‘zlarini qo‘l telefonlaridan uzmay gaplashib borishardi.



– Eh, shunday kunda mening hatto internetda bo‘lsa-da, yigitim yo‘qligi alam qiladi…



Birdan qizlar orasida beo‘xshov kulgu ko‘tarildi. Oddiygina, yengilgina otilib chiqqan bu so‘z atrofdagilarni, ayniqsa, katta yoshdagi yo‘lovchilarni g‘ashini keltirdi. Ayrimlari o‘sha qizga ijirg‘anib, ma’noli qarab ham qo‘yishdi. O’n olti-o‘n yetti yoshlardagi qizlarning yuz-ko‘ziga qarayman. Odob, andisha, hayo kabi bokira tuyg‘ularni ayrimlaridan izlash ham befoydadek ko‘rindi. Shundaylardan “Sevishganlar kuni” o‘zi qanday bayram? U nima uchun nishonlanadi?” deb so‘rasangiz, tap tortmay “Sevishgan yigit-qizlarning bayrami-da!” deb javob berishadi. Hamma ham bu kunning mohiyati, milliy qadriyatlarimiz va o‘zbekona odob-andishamizga nechog‘li to‘g‘ri kelish-kelmasligi bilan qiziqavermaydi. Aslida “Sevishganlar kuni” deb atalgan bayramning kelib chiqish tarixini bilisharmikan?



Tarix sahifalarida bu haqda aniq tafsilotlar keltirilmagan bo‘lsa-da, odamlar orasida turli afsona-yu, rivoyatlar yuradi. Ularda keltirilishcha, Valentin degan shaxs taxminan eramizdan uch asr oldin Rimda joylashgan Tern shahrida tug‘ilgan. Aslida rohib bo‘lgan bu inson keyinchalik o‘z kasbiga hilof ish qilib, “muhabbat maktublari”ni bitish yo‘liga o‘tib ketgan, deyiladi.



Valentinning hayot yo‘li Rim imperatori Klavdiy II davriga to‘qnash kelib qoladi. Qonli urushlar rejasini tuzgan sulton o‘z askarlariga uylanishni taqiqlab qo‘yadi. Avliyo Valentinni sevishgan qalblarga rahmi keladi va boshqalardan yashirib, “baxti qaro” sevishganlarning nikohini o‘qib qo‘yaveradi. Guvohlarsiz. Noqonuniy. Yarim tunda.



Uning bu qilmishlari oshkor bo‘ladi, Valentinni qamoqqa olishadi. Imperator tomonidan qamalganidan so‘ng ham turli maktublarni zindon qa’ridan chiqarishda bardavom bo‘ladi. Oxiri unga o‘lim jazosini belgilashadi va 269 yili 14 fevral kuni qatl qilishadi…



O’z davrida Italiyada ham bu bayram man qilib qo‘yilgan, chunki u aynan Italiyada juda keng nishonlangan edi. 18-19-asrlarga kelib yana qayta tiklangan. O’sha paytlardan boshlab g‘arb mamlakatlarida “Valentin kitoblari” – ishqiy she’rlar yozilgan kitobchalar sotila boshlangan. Bunday kitoblarda sevgi izhor qilish haqida maslahatlar ham bo‘lgan. Sevishganlar ishqiy maktublar yozishda shu kitobdan foydalanishgan.



Bugun mamlakatimizga, ayniqsa, yoshlar qalbiga “Ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi g‘arazli kuchlar xuruji turli qiyofada namoyon bo‘lmoqda. “Ommaviy madaniyat”ni yasovchilar odamlarga yoqimli, suyukli barcha tuyg‘ulardan unumli foydalanadilar. Ana shunday mavzulardan eng ommaviysi – sevgi.



Sevgi o‘zbek millati uchun boshqalarga aytilmaydigan, ko‘rsatilmaydigan, ko‘z-ko‘z qilinmaydigan olijanob, sirli, sehrli, ilohiy tuyg‘u. Dildan tilga ko‘chsa, uning ohori to‘kilib qoladigandek yuragimizning tub-tubida saqlaymiz, ardoqlaymiz, himoya qilamiz. “O’tkan kunlar”dagi Kumushning sevgisi naqadar insoniy, odobli, or-nomusli, ishonchli, irodali, nozik. O’zbek ayoli, o‘zbek qizi uchun chin ma’nodagi namunaviy timsol.



Ammo afsuski, bugungi kunda ayrim yigit-qizlarning shunday yuksak tuyg‘uni ermak qilayotganlari achinarli. Muhabbat niqobi ostidagi o‘tkinchi hoyu havas, tizginsiz xirs girdobida bilib-bilmay sodir bo‘layotgan hayosiz ishlarni eshitib chuqur iztirobga tushadi kishi: muhabbatning yuzi qora bo‘ldimi deb.



Bugun yoshlar mohiyatini anglab yetib-etmay nishonlayotgan “Sevishganlar kuni” ba’zilarga sevgisi isboti uchun ham jismonan, ham ma’nan, ham moddiy jihatdan qanchalar qimmatga tushayotgani tasavvur etish qiyin emas.



Shu kuni ataylab yurtimizdagi ayrim bozorlarni kuzatdim. Bu bayram uchun sotilayotgan mahsulotlarning turlarini ko‘rib hayratda qotasiz. Xaridor yigit-qizlar ham tanlab-tanlab olishar, yoniga yana gullar, shirinliklar, yurak rasmi tushirilgan rasmlar qo‘shishardi.



Yurt taraqqiyoti uchun bel bog‘lagan har qanday inson bir ishga qo‘l urishdan oldin, yaxshilab o‘ylaydi: bu ish menga foyda bersa ham, yurtimga zarar bo‘lib qolmasmikan?! Mana shu savolni “Valentin kuni”ning targ‘ibotchisiga aylanib qolgan ayrim chapdast savdofurushlar ham o‘zlariga aqalli bir marotaba bo‘lsa ham berib ko‘risharmikan?



Shukrki, mamlakatimizda 14 fevral sanasi davlat va jamoat arbobi, shoh va shoir, sarkarda bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarinining tavallud kuni sifatida keng nishonlanib kelinadi. Keyingi yillarda shu munosabat bilan “Adabiyot bayrami”, “G’azalxonlik” kechalari o‘tkazilishi an’anaga aylandi. Mazkur sana uchun ayrim ma’naviyati sust xonandalarning “Sevishganlar kuni”ga bag‘ishlangan kontsert dasturlari bekor qilindi, xususiy radiolarda “Sevishganlar kuni” degan jumlani ishlatib, uzzu kun oshiq-ma’shuqlarning bir-biriga yo‘llagan tabriklarini o‘qib eshshittirish taqiqlandi. Umuman, bu borada keng tarzda olib borilayotgan ishlar samara berayotgani yaxshi, albatta. Ammo hali-hanuz ayrim yoshlar “Sevishganlar kuni”ni bayram qilish kabi axloqsizlikdan voz kecholmayotgani g‘ashingizni keltiradi.



Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida “… ma’naviyatga qarshi qaratilgan har qanday tahdid o‘z-o‘zidan mamlakat xavfsizligini, uning milliy manfaatlarini, sog‘lom avlod kelajagini ta’minlash yo‘lidagi jiddiy xatarlardan biriga aylanishi va oxir-oqibatda jamiyatni inqirozga olib kelishi mumkin”, deb ta’kidlagan. Bu da’vatdan har bir inson o‘ziga kerakli xulosa chiqarishi lozim.



 



Adolat FAYZIYeVA

Категория: Sevgi dunyosi / Sevgi haqida | Просмотров: 1958 | Добавил: ZIYO_MUSIC | Теги: qiladi…», bo‘lsa-da, yigitim, Internetda, hatto, kunda, mening, alam, yo‘qligi, «Shunday | Рейтинг: 5.0/7

O'xshash yangiliklar
Всего комментариев: 0
avatar
Поиск сайта
Категории раздела
Календарь
Архив записей
Новости сайта
Популярные песни за месяц
Вход на сайт