Futbol emas — qor jangidir bu, Oq gilamga tushdi yigitlar. Nomus jangi, or jangidir bu, Sirpansa-da, uchdi yigitlar! Bari — burgut, Bari — qahramon, Qor kuradi kuragi bilan! Oyog‘idan chalsa qahraton, O‘tdi o‘tli yuragi bilan! Yon qo‘shni — jon qo‘shni-da, Chindan, Ishqibozlar — Xitoy devori. Lekin bizda mo‘l ekan chidam, Kor qilmadi na muz, na qori. O‘zbekiston! Birma-bir quchib, Manglayidan o‘pgin ularni — Oq libosda maydonga tushib, Ko‘k libosda yenggan ullarni. Ko‘z tegmasin! Avayla endi — Topshir faqat toza qo‘llarga. Tabiatning qorini yengdi, Duch qilmagin sun’iy do‘llarga!